Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

TO‘LOVGA QOBILIYATSIZLIK TO‘GʻRISIDAGI QONUNNING MAZMUN-MOHIYATI

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksining 25-moddasida belgilab qo‘yilgan normaga asosan bankrotlik (to‘lovga qobiliyatsizlik) to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish iqtisodiy sudlarga taalluqli nizo hisoblanadi.


To‘lovga qobiliyatsizlik deb, sud tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligi tushuniladi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan yuridik shaxslarning va fuqarolarning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha, biroq qonunchilikda belgilangan xususiyatlarni e’tiborga olgan holda ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan qonuniy to‘xtamga kelishda O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida” gi Qonunga asoslanadi.


Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirgan bo‘lib, Qonunning 14-bobi 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritilishi Qonunning 249-moddasida belgilab qo‘yildi.
Endi esa qonun bilan korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida to‘lovga qobiliyatsizlik vaqtinchalik va doimiy turlarga ajratilmoqda.
Qonunning 5-moddasiga muvofiq vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari deyilganda tegishli majburiyatlarning yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmaganligi, shahar joylaridagi hamda unga tenglashtirilgan hududlardagi korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmaganligi tushuniladi. Sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agarda ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketgan bo‘lsa doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik tushunilishi mumkin.


Bunga qadar amalda bo‘lgan qonun talabiga ko‘ra, korxona tegishli to‘lov majburiyatlarini qarzdorlik yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida bajarmasa va unga nisbatan bildirilayotgan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz baravarini tashkil etsa, unga nisba¬tan tugatish taomili qo‘llanilar edi.


Endilikda korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida mazkur jarayonda joriy soliq to‘lovlarini to‘xtatib turish, tijorat banklari va moliya institutlaridan kreditlarni jalb etish, qarzdorlik qisman qoplan- ganda korxona faoliyatini kreditorlar roziligi bi¬lan tiklash bo‘yicha normalar kiritildi.


Shuningdek qonun bilan qarzdorga korxonani sog‘lomlashtirish yoki tugatish taomillarini qo‘llashni erkin tanlash huquqi berilmoqda. Xususan, qonunning 7-moddasida qarzdor pul majburiyatlarini bajarma- ganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobi-liyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bi¬lan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi va kreditor ega ekanligi, qarzdor va kreditor to‘lovga qo¬biliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizada qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash yoxud tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillarini qo‘llash zarurligini ko‘rsatishi mumkinligi belgilandi. Bundan ko‘rish mumkinki, qarzdor kreditorlik qarzi miqdoridan qat’i nazar o‘zini to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblagan paytdan boshlab unga nisbatan sog‘lomlashtirish taomilini qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qilish hamda o‘z faoliyatini tiklash imkoniga ega bo‘ladi.


Yuqoridagilar bilan bir qatorda, qonun bilan amaliyotda uzoq muddatdan beri muammo bo‘lib kelayotgan ayrim masalalar ham huquqiy jihatdan tartibga solindi.
Xususan, sud boshqaruvchisining huquqlari bir-muncha kengaytirildi, jumladan sud boshqaruvchilariga Davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan haq to‘lamasdan foydalanish, qarzdorning mulki, hisob varaqlari va depozitlari haqida davlat organlaridan bepul ma’lumot olish huquqi berildi. 

Amaliyotga tatbiq etish nazarda tutilgan juda muhim jihatlardan yana biri jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish institutining joriy etilishi bo‘ldi, deb aytish mumkin. Negaki jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish instituti¬ning AQSH, Yevropa Ittifoki mamlakatlarida, Yapo¬niya va Rossiyada samarali qo‘llanilib kelayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Qonunga jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligini tartibga soluvchi 14-bob kiritilib, qonunning 194-moddasida agar ushbu bobda boshqacha qoida nazar¬da tutilmagan bo‘lsa, jismoniy shaxsning to‘lovga qo- biliyatsizligi bilan bog‘lik munosabatlarga nisbatan ushbu qonun 1, 2, 3, 5, 6 va 7-boblarining tegishli qoidalari qo‘llanilishi alohida belgilab qo‘yildi.
Qonunda qarzdor jismoniy shaxsning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yi¬cha o‘z majburiyatini to‘liq hajmda bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyatlari yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy ichida qarzdor jismoniy shaxs tomonidan bajarilmagan hamda qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan talablar bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etsa, qarzdor jismo¬niy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari hisoblanishi nazarda tutildi.
Jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb to¬pish uchun kreditorlik qarzi sud qarori, notarial tasdiqlangan bitim, notarius ijro xati, qarzdor tan olganligini tasdiqlovchi hujjat hamda aliment undirish to‘g‘risidagi talab asosida vujudga kelgan bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa sifatida aytish mumkinki, qonunning amalga kiritilishi to‘lov¬ga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llash orqali ularning faoliyatini tiklash va mamlakatimizning xalqaro reytinglarda to‘lovga qobiliyatsizlik indikatoridagi o‘rnini oshirish imkonini beradi.

Navoiy viloyat sudi iqtisodiy
ishlar bo‘yicha sudyasi L.Toshmurodov