Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Zo‘ravonlik-tajovuzkorona g‘ayrihuquqiy harakat

    O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlarni himoya qilish sohasidagi davlat siyosati jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini oshirishga, qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bu borada samarali tashkiliy-huquqiy mexanizm yaratilgan, xususan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning maqsadi, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik).
Shuningdek, qonun bilan xotin-qizlar tegishli organlarga yoki sudga murojaat qilishlari mumkinligi, ular bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordamni olish huquqiga ega bo‘ldilar.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensasiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi.
Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘shmitasining ushbu sohadagi vakolatlari belgilab berildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar davlat muhofazasi (himoyasi)da bo‘lib, oilada, ta’lim muassasalarida, ish joylarida va boshqa joylarda xotin-qizlarimizga bo‘lgan hurmatni saqlash, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini oldini olishga huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Shohboz Baxronov
Zarafshon tumanlararo iqtisodiy
sudining sudya yordamchisi