Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Aybdor xodimga nisbatan chora ko‘rildi

     Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi «J» aksiyadorlik jamiyati (firma nomi qisqartirilgan, bundan buyon matnda da’vogar deb yuritiladi) manfaatida Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, «U» mas’uliyati cheklangan jamiyati (firma nomi qisqartirilgan, bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)dan 186.342.364 so‘m asosiy qarz, 55.157.339 so‘m penyani undirishni so‘ragan.
Sudning 2022 yil 26 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgardan da’vogar foydasiga 186.342.365 so‘m asosiy qarz, oldindan to‘langan 24.000 so‘m pochta xarajati undirilgan.
Mazkur ishni ko‘rish jarayonida da’vogar mas’ul xodimlari tomonidan o‘z mehnat faoliyatida bir qator jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi va kelgusida mazkur holatlarni oldini olishga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligi aniqlangan.
Xususan, taraflar o‘rtasida 2019 yil 11 yanvarda 1-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaga muvofiq da’vogar tomonidan javobgarga jami qiymati 186.342.364 so‘mlik sulfat portlandsement mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsada, biroq mahsulot yetkazib berilgan haqiqiy davrda tegishli hujjatlar, xususan yuk xati, topshirish-qabul qilish dalolatnomalari rasmiylashtirilmasdan qolingan, mahsulot javobgarga foydalanish uchun zarur bo‘lganligi sababli ushbu hujjatlar rasmiylashtirilishiga da’vogar mas’ul xodimlari tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmasdan qolingan, ammo mahsulotlarning qabul qilinganligi javobgar tomonidan keyinchalik tan olinib, bu to‘g‘risida rasmiylashtirilgan 16.05.2022 yildagi 21T-sonli hisob-faktura elektron ravishda e’tirozsiz qabul qilingan.
Agarda mazkur hisob-faktura hujjati javobgar tomonidan tasdiqlanmaganida da’vogar mahsulot berganligini boshqa dalil bilan isbotlab beraolmas va buning natijasida da’vogarga mas’ul xodimlarning e’tiborsizligi bilan 186.342.364 so‘mlik zarar yetkazilgan bo‘lar edi.
Yuqorida qayd etilgan holatlar da’vogarning mazkur holatga mas’ul bo‘lgan xodimlarining o‘z xizmat vazifalari va qonunchilik talablariga nisbatan e’tiborsizligi natijasida ham yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini alohida o‘rganib chiqib, bunga huquqiy baho berilishi va tegishli tartibda chora ko‘rilishi maqsadga muvofiq deb topilib, intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi taqdimnoma chiqarilgan hamda mazkur taqdimnoma va uning mazmun-mohiyatini mas’ul xodimlar e’tiboriga yetkazib, unda qayd etib o‘tilgan salbiy holatlarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish belgilangan.
Da’vogarning 2022 yil 6 oktyabrdagi 141-sonli buyrug‘i bilan yuqorida qayd etilgan holatlar uchun aybdor xodim M.Norovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, qonun uni buzish uchun emas, rioya qilish uchun qabul qilinadi. Shunday ekan har bir xodim o‘z mehnat vazifalarini qonun talablariga to‘liq va o‘z vaqtida amal qilgan holda bajarishlari lozim. Xodimning mazkur tartibga rioya qilmasligi unga nisbatan tegishli javobgarlik chorasi qo‘llanilishi uchun asos bo‘ladi.

Sherzod Gʻofurov,
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi