Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Iqtisodiy sudlarda kommunal sohaga oid nizolar

Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan o‘tgan 2022 yil davomida jami 46 ta kommunal sohaga oid nizolar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 11 tasi tabiiy gaz, 15 tasi elektr energiyasi va 20 tasi issiqlik va ichimlik suvi yetkazib berish bog‘liq nizolarni tashkil etadi.
Ish natijasiga ko‘ra 2 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 3 tasi rad etilgan bo‘lsa, qolgan 41 ta ish qanoatlantirilgan.
Qanoatlantirilgan iqtisodiy ishlar bo‘yicha jami 2 mlrd. 993 mln. 522 ming 474 so‘mlik pul mablag‘lari ta’minotchi korxonalar foydasiga undirib berilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 468-moddasiga ko‘ra, energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (iste’molchiga) energiya berib turish majburiyatini olishi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini to‘lashi, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya iste’mol qilish tartibiga rioya etishi, tasarrufidagi energetika shoxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda o‘zi foydalanadigan energiya iste’mol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini ta’minlash majburiyatini olishi belgilangan.
Ushbu toifa nizolar bo‘yicha aksariyat sudlarga taqdim qilinayotgan da’volarga ko‘ra, taraflar o‘rtasidagi mavjud shartnoma bo‘yicha ta’minotchi korxonalar tomonidan shartnoma shartiga muvofiq kommunal xizmatlar ko‘rsatilayotganligi, javobgarlar tomonidan esa belgilangan muddat va miqdorlarda to‘lovlar amalga oshirilmasligi natijasida debitor qarzdorliklar yuzaga kelayotganligi kuzatilmoqda.
Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerakligi belgilangan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin, biroq shartnoma shartlari uni imzolagan taraflar tomonidan lozim darajada ixtiyoriy bajarilsa, kelgusida bu kabi nizolarning sudda ko‘rilishini oldini olgan bo‘lar edik.

Shohboz Baxronov
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi sudya yordamchisi