Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Sud-huquq tizimiga doir Farmon mohiyati

 

       So‘nggi yillarda barcha sohalar qatori sud-huquq tizimida ham jiddiy va muhim islohotlar amalga oshirilib kelinmoqdaki, bu avvalambor, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud yo‘li bilan ishonchli va samarali himoya qilishga qaratilgan.
Prezidentimizning joriy yil 16 yanvardagi “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur Farmonga muvofiq, sud tizimida yuz beradigan islohotlar mustahkamlab qo‘yildi. Sud-huquq tizimining jadal isloh qilinishini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish uchun 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Strategiyaning ahamiyatli jihati shundaki, unda odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifasi etib “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlarini qabul qilishga erishish orqali yurtdoshlarimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Endilikda, fuqarolar shu jumladan, tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qilishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilib, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tenglik tamoyillarini to‘laqonli amalga oshirish, sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish ham muhim vazifa sifatida belgilab olindi.
Farmonda tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilayotgani sud qarorlari qonuniy va adolatli qabul qilinganini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratayotir. Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi. Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyasiya yoki kassasiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Muayyan sud hujjatidan norozi bo‘lingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar taftish tartibida ko‘rib chiqqan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, yuqorida qayd etilgan farmonlar mamlakatimizda fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlab, sudlarda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi.

 

Laylo Sharipova
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarafshon tumanlararo sudi
sudyasi