Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Sud huquq tizimidagi islohotlar davom etmoqda


Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida Prezidentning 2023 yil 16 yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Bu hujjatda sud tizimini keskin isloh qiluvchi o‘zgarishlar mustahkamlangan.
Endilikda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga apellyasiya yoki kassasiya tartibida shikoyat qilib, natijasidan ham qoniqmagan taqdirda, adolat qaror topmadi, deb hisoblasa ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish, yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish vakolatini berish belgilanmoqda.
Mazkur amaliyotni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad fuqarolar uchun qabul qilingan sud qarorlarini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratishdir.
Ushbu tartibni amaliyotga joriy etish orqali fuqarolarning sudlarda ortiqcha sarson bo‘lishini oldini olish bilan bir qatorda, fuqarolar va tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga erishiladi.

 

Sherzod Gʻofurov
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi