Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

SOLIQ HISOBOTINI TOPSHIRMASLIK OQIBATI

       Soliq to‘lovchining har bir soliq turi yoki to‘langan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblarni va soliq deklarasiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga hamda soliq deklarasiyalariga doir ilovalarni o‘z ichiga oladigan, soliq to‘lovchilarning va soliq agentlarining soliq majburiyatlarini aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlari soliq hisoboti hisoblanadi.
Soliq hisoboti O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shakllarda tuziladi.
Soliq hisoboti soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shaklda qog‘oz yoki elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksi (bundan buyon matnda SK deb yuritiladi)ga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar bilan birga taqdim etiladi.
SKning 273-moddasiga ko‘ra, soliq to‘lovchilar, agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobotini o‘zlari soliq hisobida turgan joydagi soliq organlariga o‘tgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etishlari shart.
Soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan shaklda taqdim etilgan soliq hisobotini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga moliyaviy va (yoki) soliq hisoboti bunday hisobotni taqdim etishning belgilangan muddati tugaganidan keyin o‘n kun ichida taqdim etilmaganda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operasiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida soliq organi tomonidan o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qaror qabul qilinadi. O‘n kundan ko‘p muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror esa soliq organining iltimosnomasiga asosan faqat sud tomonidan qabul qilinishi mumkin. Bunda banklar tomonidan soliq to‘lovchining barcha hisobvaraqlari bo‘yicha barcha chiqim operasiyalari to‘xtatib turiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraq bo‘yicha operasiyalarning to‘xtatib turilishi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq birinchi navbatda ko‘rsatilgan to‘lovlarga, shuningdek qonunchilikka muvofiq undiruvga yo‘l qo‘yilmaydigan banklardagi hisobvaraqlarga tatbiq etilmaydi.
Hozirda tegishli soliq organlari tomonidan ushbu toifadagi arizalar bilan iqtisodiy sudlarga murojaat qilish soni tobora ortib borayotganligi ko‘pgina soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyati o‘z vaqtida bajarilmayotganligidan dalolat bermoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, majburiyat tegishli darajada va muddatda bajarilishi lozim, aks holda uning oqibatlari majburiyatni buzgan shaxsga o‘zining jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

 

Sherzod Gʻofurov
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi