Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining o‘ziga xos jihatlari

Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi eng muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri bu, albatta, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksidir.
Mazkur kodeks dastlab 1995 yil dekabr oyida qabul qilinib, mehnatga oid munosabatlarni tartibga solib kelayotgan bo‘lsa, endilikda yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi 2023 yilning aprel oyidan kuchga kirishi belgilangan.
Kelgusida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi har bir shaxsning mehnat qilish bilan bog‘liq huquqlarini ta’minlanishini kafolatlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qonun hujjati bo‘lib hisoblanadi.
Mazkur kodeksga muvofiq, quyidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda ko‘rib chiqiladi:
1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari bo‘yicha komissiya tuzilmagan bo‘lsa;
2) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat’i nazar, ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari ta’rifini o‘zgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi;
3) xodimga mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligi tufayli yetkazilgan ziyonning o‘rnini yoxud xodimning mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash haqidagi;
4) ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensasiya qilish to‘g‘risidagi;
5) ishga qabul qilish rad etilganligi haqidagi;
6) ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda oldindan haletilgan masalalar yuzasidan;
7) xodimlar va ish beruvchi jismoniy shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan;
8) o‘zini mehnat qilish va mashg‘ulotlar sohasida kamsitilishga uchragan deb hisoblayotgan shaxslarning;
9) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash haqidagi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolari, ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilganlaridan tashqari, xodimning xohishiga ko‘ra, bevosita sudlarda ham ko‘rib chiqiladi.
Xodimning arizasini ko‘rib chiqishni yakka tartibdagi nizo mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqilmaganligiga asoslangan holda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining tegishli moddalari mavsumiy xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan mavsumiy ishlarni bajarish to‘g‘risida mehnat shartnomasi tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, mavsumiy xodimlarning mehnat ta’tili, mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan. Shuningdek, kodeksda vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish, vaqtinchalik xodimlarni ishga qabul qilish, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari xodimlari va ayrim kasblar egalari mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning yangi metodlari va mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarni huquqlari himoya qilishning yanada kenroq yoritilganligi bilan alohida e’tirofga sazovordir. Bu esa o‘z navbatida huquqi buzilgan va nizolashayotgan xodim manfaatlarini sud orqali himoya qilinishi uchun yana ham keng imkoniyatlar berilganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida belgilangan normalar mehnat munosabatlari sub’yektlarining huquqlarini, ijtimoiy muhofazasini, ayniqsa xodim manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlanishida dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

 

Laylo Sharipova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarafshon tumanlararo sudi
sudyasi