Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar, aziz tumandoshlar!
Hammamizga yaxshi ma’lumki, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish masalalariga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Insoniyat oldidagi dolzarb vazifalardan biri — atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, global ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.
Bugun yurtimizni, jonajon Vatanimizni, yashab turgan maskanimizni toza, ozoda, ko‘rkam hududga aylantirishda har birimiz mas’ul ekanligimizni anglagan holda Siz hurmatli Tomdi tumani aholisiga murojaat bilan chiqmoqdaman.
2021 yil 2 noyabr kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ona tabiatni asrash uchun ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, havomiz musaffoligini saqlash borasida daraxt ekish umummilliy aksiyasi e’lon qilindi.
Avlodlarimiz kelgusida munosib tabiiy muhitda, toza ekologik sharoitda yashashlari kerak. Buning uchun zarur chora-tadbirlarni belgilagan holda tizimli ishlarni olib boramiz. Avvalo buning uchun aholida, xususan yosh avlodda ekologik madaniyatni oshirish lozim. Bunga nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilikni o‘zi o‘rnak bo‘lgan holda yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini faqat tarbiyalash orqali shakllantirishga erishish mumkin.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash joizki, bu kabi ishlar bardavom bo‘lishi lozim. Zero, Prezidentimiz ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emasligini alohida ta’kidladilar, ushbu umummilliy harakatda faol qatnashishimiz zarur.
Xususan 2023 yil kuz mavsumida 3000 dona qayrog‘och, 1500 dona tut, 500 dona mevali va yong‘oq mevali daraxt ko‘chartlari, 782 ming boshqa turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari jami 787 ming ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan.
Shu bilan bir qatorda tumandagi “Suketti” OFY hududidan 4.2 gektar, “Aqtov” OFY hududidan 0.1 gektar hamda “Tomdibuloq” OFY hududidagi xonadonlar oldiga bo‘sh turgan yer maydonlaridan “Yashil maydon” tashkil etiladi.
Shu bilan birga aholining ekologik madaniyatini oshirish, tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini asrash, daraxt ekib, bog‘ yaratish ona tabiatga mehr-muhabbat, uni asrashga daxldorlik hissi har birimizda bo‘lishi juda muhim.
Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas ekan, uni toza-ozoda saqlashga har birimiz jonbozlik ko‘rsataylik!
Aziz va moʻtabar oqsoqollar!
Siz har bir ishda yoshlar uchun ibrat namunasi bo‘lib kelgansizlar. Bugun ham mamlakat bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida o‘zingizning dono maslahatingiz bilan aholini ayniqsa, yoshlarni yaratuvchanlik g‘oyalariga undashda jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman!
Albatta, bugun ekilgan bir dona nihol erta katta daraxtga aylangach, uning soyasidan nabiralaringiz bahramand bo‘ladi, ularning olayotgan nafasi musaffoligi ta’minlanadi.
Qadrli yoshlar!
Bugun Sizning zamonaviy bilimlarni egallab, yetuk va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishingiz uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan.
O‘z navbatida Siz ham hurmatli Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda faol ishtirok etishga chaqiraman!
Hurmatli tumandoshlar!
-"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tumanimizda bir qator ishlar olib borilmoqda. Ushbu tadbirda tumandagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar, keng jamoatchilik, nuroniylar, mahalla aholisi hamda qishloq xo‘jaligi xodimlari faol ishtirok etib kelmoqdalar.
Hurmatli tumandoshlar ekilgan ko‘chatlarni asrab avaylab ularni parvarishlash hamda tumanni obodonlashtirishda "Yashil makon" umummilliy loyihasi aksiyasida faol ishtiro etishingizni so‘rab qolaman.
Bugungi harakatimiz xayrli va savobli ishlarimizning bardavomligiga, yoshlarimizning ma’naviyati va tarbiyasi yanada yuksak bo‘lishiga, milliy qadriyatlarimiz rivojiga, xalqimiz orasida hamjihatlik tuyg‘ulari mustahkamlanishiga poydevor bo‘lib xizmat qilsin!