Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

TOMDI TUMAN HOKIMI v.b O.UMAROVNING RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN TUMAN AHOLISIGA YO’LLAGAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum
Aziz tumandoshlar, qadrli do‘stlar!

Barchangizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Bugungi qutlug‘ ayyomda avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun barchamiz Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Hammamizga ma’lumki, yaxshilik, sabr qanoat va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no - mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan o‘rni, azaliy qadriyatlarimizni mustahkamlash va inson tarbiyasidagi ahamiyati beqiyosdir.
Ramazoni sharifning imtiyozlaridan foydalanib, ajru savoblarini oshirish niyatida saxovatpesha xalqimiz tomonidan zakot, fitr,xayru ehsonlar aynan shu oyda ado etiladi.

 

Shu ma’noda tumanimizda ham Ramazon hayiti munosabati bilan kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va ko‘p farzandli oilalar, yolg‘iz keksalar, muhtoj fuqarolar holidan xabar olindi, iftorlik dasturxonlari yozilib, saxovat amallari ko‘rsatildi.

 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, diniy qadriyatlarimizni, milliy o‘zligimizni ulug‘lab yashash bilan birga, davr talabi bo‘lgan zamonaviy ilm-fan yutuqlari, axborot texnologiyalarini egallashga alohida e’tibor qaratishimiz, yosh avlodimizni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz kerak.
Zero, islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, bir-birimizga o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy vazifamizdir.

 

Qadrli tumandoshlar!

Fursatdan foydalanib yana bir bor Sizlarni, Sizlar orqali butun tumanimiz aholisini bugungi muqaddas bayram bilan samimiy muborakbod etaman.Qalbimizga shodlik, ko‘zimizga nur, dasturxonlarga baraka, oilamizga tinchlik ne’matlarini olib keluvchi Ramazon muborak bo‘lsin.