Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

TOMDI TUMAN HOKIMI v.b O.UMAROVNING 1-OKTYABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN YO‘LLAGAN BAYRAM TABRIGI

 Assalomu alaykum aziz ustozlar

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

 

Avvalo, Sizlarni, Sizlarning timsolingizda tumandagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni, o‘zining ilmu salohiyati, kuch-g‘ayratini, kerak bo‘lsa, butun umrini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng sharafli va chin ma’noda mashaqqatli ishga bag‘ishlab kelayotgan muhtaram ustozlarni 1-oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Ustoz-murabbiy deganda barchamizning ko‘z oldimizda qadrdon maktabimiz, bizga alifboni o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi namoyon bo‘ladi.

Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz uchun ibrat maktabi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan, Siz kabi aziz va moʻtabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlarimiz, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, dunyoning bor boyligi va xazinasi bilan ham sizlarning oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.

 

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat - ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Ustozlarimiz o‘giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo‘lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi", — degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

 

Aytish joiz bo‘lsa, bugun “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi!”, degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Buni birgina Tomdi tumani misolida aytadigan bo‘lsak, so‘nggi yilarda 1 va 12 – sonli maktablar binolar qurib bitkazilib, o‘quvchilar ixtiyoriga foydalanishga topshirildi.

 

Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlamalari org texnikalar sport va musiqa anjomlari bilan ta’minlash masalalari ham diqqat markazimizdagi ustuvor vazifalarimizdan biridir.

 

Qadrli ustozlar!

Biz shu qutlug‘ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek mashaqqatli, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.

 

Bugungi kunda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimida 17 ta umumta’lim maktab, 8 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 1 ta “Barkamol avlod” maktabi faoliyat yuritmoqda.

Bolalar musiqa va san’at maktabida tarbiyalanayotgan iste’dodli o‘quchi-yoshlar tomonidan qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda albatta, ilm dargohida mehnat qilayotgan o‘qituvchi-murabbiylarning mehnati beqiyos.

 

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Hayotimizga katta kuch bo‘lib kirayotgan yangi avlodimizni kamol toptirishda o‘zining beminnat xizmatlarini ayamay kelayotgan Siz, mehridaryo, qalbi qaynoq, aziz ustozlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman!