Tomdi tumani, Yangi tomdi qo'rg'oni

TOMDI TUMAN HOKIMI v.b O.UMAROVNING 21 OKTYABR - O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN MUNOSABATI BILAN YO’LLAGAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!

 

Bugun 21 oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.

Siz azizlarni milliy qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz va o‘zligimizni dunyoga tanitadigan, millatimiz faxri va g‘ururi bo‘lgan ona tilimiz, ya’ni o‘zbek tili bayramining 35 yilligi bilan chin dildan muborakbod etaman.

 

Ushbu buyuk ne’matni har bir millat e’zozlasa, qadrlasa, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, til yanada go‘zal va betakror bo‘lib qolaveradi! Zero, unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi ham xalqimiz hayotidagi buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

 

Ushbu bayramning yurtimizda keng nishonlanishi ona tilimizning naqadar boyligini ko‘rsatib bera olishi bilan birga unga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har birimiz tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Millatimiz g‘ururi, iftixori bo‘lgan, noyob xazina – ona tilimizni asrash barchamizning burchimizdir.

 

Azizlar!

Sizlarni yana bir bor O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan tabriklayman.

Barchangizga sog‘lik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.