Assalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Avvalo, Siz azizlarni va Sizlar orqali butun tumanimiz ahlini 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz ikki yilligi bilan barchangizni samimiy muborakbot etaman.
Konstitutsiya yurtimizda huquqiy demokratik davlat, erkin bozor munosabatlari va hususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish xalqimiz uchun farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, to‘kin va farovon hayotimiz, yoshlarimizning jahon maydonlarida erishayotgan yutuq va g‘alabalari – bularning barchasining muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori, albatta, Konstitutsiyamiz, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Konstitutsiyamiz shukuhi kezib yurgan shu kunlarda, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Tomdi tumanida ham yurt ravnaqi yo‘lida keng ko‘lamli yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumanimizda ishsizlikning oldini olish, kafolatlangan sifatli ta’lim berish, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash madaniyat va san’at, adabiyot sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham ko‘p ishlar qilinmoqda.
Bugungi kunda Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlab qo‘yilgan tamoyillarni amalga oshirish yo‘lidan dadil odimlab borayotganimiz, aholi turmush darajasi va sifatining jadal o‘sib, yurtimiz qiyofasi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rni butunlay o‘zgarib borayotgani barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Ayniqsa, keyingi yillarda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan odamlarni rozi qilish, davlat hokimiyati va idoralarining xalqqa xizmat qilishi, barchaga birdek munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi tamoyillarning hayotimizga shiddat bilan tatbiq etilayotgani Konstitutsiyamizda kafolatlangan inson huquq va erkinliklari, manfaatlarining Yangi O‘zbekiston sharoitida chinakam oliy qadriyatga aylangani tantanasidir.
Konstitutsiyamiz-asosiy qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O‘zbekiston kelajagini, taraqqiyot yo‘lida dadil ildamlayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-xuquqiy, ijtimoiy iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizasiya qilishning maqsadlarini aniq- ravshan belgilab bermoqda.
Fursatdan foydalanib, bugun tumanimiz ahlini va yurtdoshlarimizni yana bir bor Bosh Qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz ikki yilligi bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!